Inson tabiatan mehnatni yengillashtiradigan har qanday texnologiyani qabul qilishga moyil. Bu iqtisodiy va psixologik qonuniyat. Agar bir ishni tez, arzon va osonroq bajarish imkoni bo‘lsa, aksariyat odamlar aynan shu yo‘lni tanlaydi.
Avtomobil misoli buni yaxshi ko‘rsatadi. Avval mexanik uzatmalar qutisi haydovchidan doimiy eʼtibor, muvofiqlashtirish va mahoratini talab qilar edi. Keyin avtomat uzatmalar qutisi chiqdi. Ko‘pchilik buni haydovchilik madaniyatining tanazzuli deb emas, balki qulaylik sifatida qabul qildi. Endi esa avtopilot texnologiyalari paydo bo‘lmoqda. Ular mukammal bo‘lib qolsa, odamlarning katta qismi mashina boshqarishdan voz kechadi. Chunki maqsad “pedalni bosish” emas, manzilga yetib borish.
Ilm-fanda ham xuddi shunday. Agar sunʼiy intellekt “adabiyotlar tahlilini qilib beraman, havolalarni tuzaman, statistikani hisoblayman, maqolani akademik uslubda yozaman, grant hujjatlarini tayyorlayman, dissertatsiyani talab etilgan formatga keltiraman” desa, tadqiqotchining birinchi reaksiyasi bu imkoniyatdan foydalanish bo‘ladi. Bu yerda uni ayblash ham qiyin. Chunki akademik muhitning o‘zi ko‘pincha olimni ilmiy g‘oyasi uchun emas, balki rasmiy talablarni qay darajada bajargani uchun baholaydi.
Shu nuqtada eng katta xavf paydo bo‘ladi. Ilmiy faoliyatning katta qismi asta-sekin insondan mashinaga o‘tadi. Avvaliga texnik ishlar. Keyin matnni yozish. Keyin tahlil. Oxirida esa inson faqat ismini qo‘yadigan holat yuzaga kelishi mumkin.
Shuning uchun “sunʼiy intellekt faqat yordamchi bo‘lishi kerak” degan chaqiriqning o‘zi yetarli emas. Chunki bu axloqiy tavsiya, xolos. Inson esa aksariyat hollarda axloqiy chaqiriq emas, tizimdagi rag‘bat va jazolanishlarga qarab harakat qiladi.
Agar universitet yoki ilmiy muassasa diplomni natija emas, qog‘ozbozlik orqali bersa, sunʼiy intellekt aynan shu qog‘ozbozlikni avtomatlashtirib beradi. Agar karyera nashrlar soniga bog‘liq bo‘lsa, SI nashrlar sonini oshirish vositasiga aylanadi. Agar baholash mazmun emas, rasmiy formatga qarab amalga oshirilsa, SI aynan formatni ideal qilib beradi.
Demak, muammo “SIdan foydalanish mumkinmi?” degan savolda emas. Masala nimani baholashimizda.
Agar olimning qadri uning yozgan matni bilan o‘lchansa, sunʼiy intellekt ertami-kechmi o‘sha matnni insondan yaxshiroq yozadi. Ammo savol qo‘ya olish, gipoteza ilgari surish, yangi g‘oya topish, eksperimentni to‘g‘ri tashkil etish va natijalar uchun shaxsan javob berish kabilarning qiymati baland bo‘lsa, u holda sunʼiy intellekt hali uzoq vaqt davomida yordamchi bo‘lib qoladi.
Shuning uchun kelajakda akademik halollikning maʼnosi ham o‘zgaradi. Shu kungacha “ishni o‘zing yozdingmi?” degan savol muhim edi. Endi esa “bu fikr senikimi?”, “buni o‘zingda o‘tkazdingmi, yaʼni tushunasanmi?”, “xulosalar uchun javob bera olasanmi?” degan savollar ahamiyatliroq bo‘ladi.
Yakunda masʼuliyat deganda ham aynan shu tushunilishi kerak. Agar maqolada xato chiqsa, “bunday deb ChatGPT yozgan edi” degan javob qabul qilinmaydi. Agar tadqiqot soxta chiqsa, javobgar sunʼiy intellekt emas, unga imzo chekkan olim bo‘ladi. Ilmda mualliflik huquqi bilan birga mualliflik masʼuliyati ham mavjud.
Shu maʼnoda sunʼiy intellekt avtomobildagi avtopilotga juda o‘xshaydi. Avtopilot mashinani boshqarishi mumkin. Ammo avariya sodir bo‘lsa, sud robotni emas, avtomobil egasini va haydovchini javobgar deb biladi. Ilm-fanda ham xuddi shunday bo‘lishi ehtimoldan yiroq emas: matnni SI yozishi mumkin, lekin undagi har bir fikr, har bir raqam va har bir xulosa uchun baribir inson javob beradi.
Ehtimol, eng katta savol ham shu bo‘lsa kerak: agar sunʼiy intellekt diplom olish uchun zarur bo‘lgan ishlarning 90 foizini bajara oladigan darajaga yetsa, biz hali ham diplom orqali tadqiqotchining bilimini baholayapmizmi yoki uning eng yaxshi SI vositasidan foydalanish mahoratinimi? Ana shu savolga javob topmas ekanmiz, “sunʼiy intellektdan ongli foydalanish kerak” degan chaqiriq yaxshi niyat sifatida qolaveradi, ammo amaliyot boshqa yo‘ldan ketishi mumkin.