AQShning San-Mateo shahrida Waymo haydovchisiz taksisi yo‘lovchilarning shubhali xatti-harakatlarini aniqlagach, safarni mustaqil ravishda to‘xtatib, politsiya chaqirdi. Avtomobilning kamera va mikrofonlari spirtli ichimlik ichilayotgani va to‘pponchadan o‘q uzilayotganini qayd etganidan so‘ng, ikki nafar o‘smir huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan qo‘lga olindi. To‘pponcha esa o‘yinchoq bo‘lib chiqdi.

Mahalliy OAV maʼlumotlariga ko‘ra, o‘smirlar yo‘l davomida spirtli ichimlik isteʼmol qilgan va yumshoq gidrogel sharchalar otadigan o‘yinchoq to‘pponchadan o‘q uzgan. Waymo‘ning bort tizimi bu vaziyatni ehtimoliy xavf deb baholab, mustaqil ravishda eng yaqin avtoturargohga burilgan, eshiklarni qulflab, politsiyaga signal yuborgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilingan videoda avtomobilni besh nafar qurollangan politsiyachi va kinologiya guruhi o‘rab olgani aks etgan. Huquq-tartibot idoralari xodimlari Waymo signalini yuqori xavfli hodisa deb qabul qilib, qo‘lga olish operatsiyasini tegishli protokol bo‘yicha amalga oshirgan. Yo‘lovchilarning haqiqiy qurol emas, balki o‘yinchoq to‘pponchadan foydalangani keyinroq maʼlum bo‘ldi.
San-Mateo politsiya boshqarmasining taʼkidlashicha, robotaksi shubhali xatti-harakatlarni o‘rnatilgan kameralar va mikrofonlar yordamida aniqlagan. Waymo bu tizimlarni masofadagi operatorning “ko‘zi va qulog‘i” deb ataydi. Ular yo‘lovchilar xavfsizligini taʼminlash, unutib qoldirilgan buyumlarni topish, salon holatini nazorat qilish hamda favqulodda vaziyatlarga chora ko‘rish uchun qo‘llaniladi.
Tekshiruvdan so‘ng politsiya hatto o‘yinchoq to‘pponchalar, suv purkagich yoki pnevmatik qurollar ham atrofdagilar tomonidan haqiqiy deb qabul qilinishi va vahima (xavf) uyg‘otishi mumkinligini alohida taʼkidladi. Idora, shuningdek, gidrogel sharchalar yuqori tezlikda insonga tekkanda jarohat yetkazishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Bu voqea ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ayrim foydalanuvchilar Waymo‘ni tezkor chora ko‘rgani va politsiya bilan hamkorlik qilgani uchun maqtab, bunday harakatlarni xavfsizlik nuqtai nazaridan o‘rinli deb hisobladi. Boshqalar esa, aksincha, kompaniya harakatlarini tanqid qilib, bu munosabatni haddan tashqari keskin deb atadi.
Shuningdek, sharhlovchilar haydovchisiz avtomobilning politsiya yetib kelguniga qadar yo‘lovchilarni ichkarida qamab qo‘yish haqida mustaqil qaror qabul qila olishidan xavotir bildirdi. Baʼzi foydalanuvchilarning fikricha, bunday holatlar robotaksi vakolatlarining chegaralari haqida yangi savollarni yuzaga keltiradi va bunday xizmatlar ommalashgani sari avtonom transport ishlab chiquvchilari yana qanday g‘ayrioddiy vaziyatlarga duch kelishini ko‘rsatib beradi.