200 dan ortiq iqtisodchi, sunʼiy intellekt tadqiqotchilari va texnologiya sohasi vakillari hukumat hamda biznesni sunʼiy intellekt rivojlanishining ehtimoliy oqibatlariga oldindan tayyorgarlik ko‘rishga chaqiruvchi ochiq xatni imzoladi. Bayonot mualliflarining fikricha, ushbu texnologiya yaqin yillarda iqtisodiyotni sezilarli darajada o‘zgartirib, ham mahsuldorlikning o‘sishiga, ham ish o‘rinlarining qisqarishiga olib kelishi mumkin. Murojaatni imzolaganlar orasida Nobel mukofotining 16 nafar laureati ham bor.

Atigi to‘rtta jumladan iborat “We Must Act Now” (“Biz hozir harakat qilishimiz kerak”) nomli maktub Amerikaning yirik universitetlaridan biriga qarashli Raqamli iqtisodiyot tadqiqot laboratoriyasi tomonidan tayyorlangan. Tashabbus ishtirokchilari orasida iqtisodiyot va informatika bo‘yicha mutaxassislar, shuningdek, Anthropic, Google va OpenAI kabi yetakchi texnologiya kompaniyalari vakillari bor.
Hujjat mualliflari sunʼiy intellekt keyingi o‘n yillikda keskin kuchayishini taʼkidlamoqda. Ularning bahosiga ko‘ra, bu ko‘lami jihatidan sanoat inqilobidan ham o‘tib ketadigan, ammo undan ancha tezroq yuz beradigan “iqtisodiyotning misli ko‘rilmagan transformatsiyasi”ga sabab bo‘ladi.
Bayonotda aytilishicha, sunʼiy intellektning rivojlanishi bir vaqtning o‘zida jiddiy xavf-xatarlar va yangi imkoniyatlarni olib keladi. Tadqiqotchilar ehtimoliy muammolar qatorida ish o‘rinlarining ommaviy qisqarishini sanab o‘tgan. Shu bilan birga, texnologiya ishlab chiqarish samaradorligi ortishi va yangi vositalar paydo bo‘lishi hisobiga turmush darajasini yuksaltirishi ham mumkin.
Maktubni imzolaganlar hukumat va kompaniyalarni SI rivojini insonni siqib chiqarishga emas, balki u bilan hamkorlik qilishga yo‘naltiradigan nazorat va rag‘batlantirish mexanizmlarini yaratishga chaqirdi. Xat mualliflarining fikricha, jamiyatning texnologik o‘zgarishlarga moslashishiga imkon beradigan institutlar va qoidalarni oldindan shakllantirish o‘ta zarur.
Maktubni imzolagan taniqli sunʼiy intellekt mutaxassisi Yoshua Benjio (Yoshua Bengio) SIning hozirgi rivojlanish surʼatlarini hisobga olganda, texnologiya iqtisodiyotni tubdan o‘zgartirishi “ehtimoli juda yuqori” ekanligini aytdi. U yangi texnologiyaning afzalliklarini adolatli taqsimlashga va xodimlar uchun xavflarni kamaytirishga yordam beradigan jamoaviy muhokama hamda tartibga solish choralarini ishlab chiqishga daʼvat etdi.
Sunʼiy intellekt kompaniyalari rahbarlari SI tarqalishining ijtimoiy oqibatlarini allaqachon muhokama qilmoqda. Xususan, Anthropic rahbari Dario Amodeyning taʼkidlashicha, inson mehnatiga bo‘lgan talab keskin pasaygan taqdirda, daromadlarni qayta taqsimlashning yangi mexanizmlarini joriy etish talab qilinishi mumkin. Bunday mexanizmlar qatoriga SI kompaniyalari faoliyatidan olinadigan soliqlar hisobidan moliyalashtiriladigan bazaviy daromad (UBI) tizimi ham kiradi.