Bugun ayrim kitoblar o‘qilishidan ko‘ra sotib olinish, namoyish etilish va “men ham o‘qidim” deyish uchun nashr etilmoqda. Kitob mutolaa va tafakkur vositasidan asta-sekin isteʼmol mahsulotiga aylanmoqda. Shu tariqa kitob bilan fikriy muloqot qiluvchi kitobxon o‘qiganlarini hazm qilishga ulgurmaydigan “kitobxo‘r”ga aylanib boryapti. Bunda o‘qilgan kitoblar soni ko‘payadi, agar ular chindan ham o‘qilayotgan bo‘lsa, ammo inson tafakkurida qoldiradigan “iz” tobora sayozlashadi.
Xuddi shu holat ilmda ham kuzatilmoqda. Maqolalar soni, iqtiboslar ko‘rsatkichi va ilmiy unvonlar tadqiqotchining haqiqiy qiymatini belgilaydigan asosiy mezonlarga aylanib qolgandi. Holbuki, birgina yaxshi maqola yoki dissertatsiya olimning butun ilmiy salohiyatini ko‘rsatib bermaydi. Endi tadqiqotchini alohida ishi orqali emas, balki uning yillar davomidagi ilmiy faoliyatiga qarab baholash to‘g‘riroq bo‘ladi: u qanday savollarni izchil o‘rgandi, avvalgi ishlarini qay darajada rivojlantirdi, qarashlarini yangi dalillar asosida o‘zgartira oldimi, ilmiy maktab yoki mustaqil fikrlash anʼanasini yarata oldimi?
Agar “ilm” deb taqdim etilayotgan ishlar o‘zaro bog‘lanmagan, muayyan ilmiy muammoni bosqichma-bosqich ochib bermaydigan va faqat navbatdagi nashr talabini bajarish uchun yozilgan matnlardan iborat bo‘lsa, ulardan maʼni qolmaydi. Chunki bunday “matnlar”ni sunʼiy intellekt ham tezroq, ham sifatliroq ishlab chiqarishi mumkin. Demak, sunʼiy intellekt davrida tadqiqotchining qadri matn yoza olishi bilan emas, qanday muammoni ko‘ra olishi, qanday savol qo‘ya bilishi va uni qanchalik uzoq hamda izchil “taʼqib qilishi” bilan belgilanadi.
Sunʼiy intellektni insoniyatning shunchaki navbatdagi ixtirosi deb emas, balki yangi davrning birinchi yirik ixtirosi sifatida qabul qilish kerak. Avvalgi texnologiyalar asosan insonning jismoniy mehnatini yengillashtirgan bo‘lsa, sunʼiy intellekt uning aqliy faoliyatiga – o‘qish, yozish, tahlil qilish va axborotni umumlashtirish jarayonlariga bevosita kirib keldi. Shu maʼnoda u faqat yangi vosita emas, balki bilimning qanday yaratilishi, tarqatilishi va baholanishi haqidagi tasavvurlarimizni o‘zgartirayotgan tarixiy hodisadir.
Sunʼiy intellektning imkoniyatlari qanchalik kengaysa, insondan talab qilinadigan masʼuliyat ham shunchalik ortadi. Endi oddiy maʼlumot to‘plash, mavjud fikrlarni qayta ifodalash yoki “qolipli matn tayyorlash”ning o‘zi ilmiy hissa hisoblanmasligi kerak. Tadqiqotchi sunʼiy intellekt berolmaydigan narsa – shaxsiy kuzatuv, uzoq yillik tajriba, intellektual “jasorat”, yangi savol va dalil uchun shaxsiy masʼuliyatni berishi lozim. Uning vazifasi matn ishlab chiqarish emas, haqiqatni izlash va o‘z xulosasining oqibatlari uchun javob berishdir.
Nashriyotning qiymati ham endi qancha kitob chiqargani bilan emas, nima uchun aynan shu kitobni o‘quvchiga taqdim etayotgani bilan o‘lchanishi kerak. Agar nashriyot sunʼiy intellekt osongina hosil qiladigan mazmunni ko‘paytirish bilan cheklansa, u kontent fabrikasidan farq qilmay qoladi. Qadrli nashriyot esa saralaydi, tekshiradi, tahrir qiladi, muallifni fikrini chuqurlashtirishga undaydi va o‘quvchi ishonchini himoya qiladi. Yaʼni u shunchaki matn sotmaydi – intellektual sifat uchun kafolat va masʼuliyatni o‘z zimmasiga oladi.
Shunday ekan, yangi davrning asosiy mezoni “qancha kitob yoki maqola chop etildi?” emas, “tadqiqotchi bu yerda sunʼiy intellekt berolmaydigan nima berdi?” degan savol bo‘lishi kerak. Tadqiqotchi ham, muallif ham, nashriyot ham o‘z qadrini aynan shu savolga bergan javobi bilan saqlab qoladi. Kelajakda matnning ko‘pligi emas, fikrning tizimliligi; nashrning o‘zi emas, uning ortidagi intellektual va axloqiy masʼuliyat qadrli bo‘ladi.