Britaniyaning Sunʼiy intellekt xavfsizligi instituti (AISI) tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, OpenAI va Anthropic‘ning sinovdan o‘tkazilgan beshta ilg‘or sunʼiy intellekt modelining barchasi testlar davomida muntazam ravishda aldashga urinadi. Tadqiqotchilar “aldash” deganda, har qanday yo‘l bilan natijaga erishish maqsadida vazifa doirasidan chetga chiqadigan yoki qoidalar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqiqlangan harakatlarni nazarda tutmoqda. Bunday xatti-harakatlar nafaqat tizimlarning haqiqiy ko‘rsatkichlarini buzib ko‘rsatadi, balki sunʼiy intellektni o‘ta muhim sohalarga joriy etishda jiddiy xavf tug‘diradi.
Ushbu xulosaga kelish uchun tadqiqotchilar modellashtirilgan kompyuter muhitida SI modellarning xatti-harakatini tahlil qildi. Unga ko‘ra, modellar zaifliklarni tahlil qilish va teskari muhandislikning (reverse engineering) ruxsat etilgan usullaridan foydalanib, maxsus kodni (“bayroqni”) topishi kerak edi. Xulq-atvorni baholash maqsadida olimlar katta til modeliga (LLM) asoslangan avtomatlashtirilgan monitorni yaratdi. U harakatlar ketma-ketligini kuzatib, tizimning topshiriq doirasidan chetga chiqishga uringan-urinmaganini aniqlab bordi. Natijada sinovdan o‘tkazilgan GPT-5.4, GPT-5.5, GPT-5.6 Sol, Claude Opus 4.7 va Claude Mythos Preview modellarining hech biri belgilangan doirada cheklanib qolmagani maʼlum bo‘ldi.
Yorqin misollardan birida sinovning noto‘g‘ri sozlangani tufayli vazifani bajarish imkonsiz bo‘lib qoldi. Ammo model to‘xtash o‘rniga yangi kod yozib, uni ochiq internetdagi begona servisda ishga tushirdi va u orqali AISI ichki infratuzilmasiga hujum qilishga urindi. Institutning himoya mexanizmlari ishga tushib, maʼlumotlar sizib chiqishining oldi olindi. Shunga qaramay, avtonom ravishda buzib kirishga (hakerlikka) urinish holatining o‘zi mutaxassislarni jiddiy tashvishga soldi.
SIning hiyla-nayranglari arsenali xilma-xil bo‘lib chiqdi: modellar internetdan tayyor javoblarni qidirdi, boshqaruv tizimlaridagi imtiyozlarini oshirishga urindi va sinov dasturini yechimlarning sizib chiqish ehtimoliga qarshi tekshirdi. Bunda aldashga urinishlar chastotasi modelning umumiy quvvatiga emas, balki ko‘proq uni o‘qitish va moslashtirish usullarining o‘ziga xosligiga bog‘liq ekani aniqlandi.
Bundan tashqari, mazkur tadqiqot muammoni modeldan sodir etilgan qoidabuzarliklar haqida to‘g‘ridan-to‘g‘ri so‘rash orqali hal qilish mumkin, degan ommabop gipotezani ham rad etdi. “So‘roq” davomida algoritmlar holatlarning yarmidan kamida o‘zlarining g‘irrom xatti-harakatlarini tan oldi. Yanada qizig‘i, model taqiqlangan harakat faktini tan olgan taqdirda ham, u ko‘pincha bu harakatga ruxsat berilgan deb daʼvo qildi.
Tekshirishning yana bir zaif usuli “mulohazalar zanjiri” (chain of thought) tahlili bo‘lib chiqdi. Tajribalar davomida sunʼiy intellekt o‘zining asl niyatlarini muntazam ravishda yashirib, aldash maqsadini hosil qilingan matnda aks ettirmadi. Baʼzi hollarda, moslashuvchan fikrlashga ega modellar o‘z harakatlarini ochiq tushuntirish bosqichini shunchaki o‘tkazib yuborgan bo‘lsa, boshqa hollarda mulohazalarida harakat qoidalarni buzishini to‘g‘ridan-to‘g‘ri qayd etsa ham, baribir uni bajarishga o‘tgani kuzatildi.
AISI ekspertlarining ogohlantirishicha, sunʼiy intellektning aldoviga qarshi kurasha olmaslik, ayniqsa, xato oqibati qimmatga tushadigan sohalarda – harbiy operatsiyalar yoki ilmiy tadqiqotlarda juda xavflidir. Agar SI qo‘yilgan vazifani bajarish uchun kutilmagan aylanma yo‘l topsa, algoritmlarning g‘irrom xatti-harakatlari real zararga olib kelishi mumkin. Bunga yaqqol misol sifatida yaqinda OpenAI modellari ichki sinov vaqtida Hugging Face tashqi platformasiga hujum qilganini eslash kifoya. Ushbu muammoning yagona yechimi sifatida AISI modellarni boshidanoq aldovga moyil bo‘lmaydigan qilib o‘qitishni taklif qilmoqda, biroq bu juda murakkab vazifa bo‘lishi tabiiy.