Google DeepMind rahbari Demis Hassabisning maʼlum qilishicha, umumiy sunʼiy intellekt (AGI) yaqin bir necha yil ichida paydo bo‘lishi mumkin – bu boradagi muhim bosqichga 2030 yilgacha erishiladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, insoniyat texnologik singulyarlik ostonasida turibdi. Shu bilan birga, Hassabis ijodiy fikrlovchi insonlar AGI davrida ham o‘z ustunligini saqlab qolishiga ishonchi komil.

Image credit: hightech.plus

Yangi intervyusida Hassabis AGI rivojlanishi jamiyatni tubdan o‘zgartirish qudratiga ega ekanini taʼkidladi.

“O‘ylaymanki, bu dunyoni o‘zgartira oladigan texnologiya bo‘ladi”, – dedi u va insoniyat yangi darajadagi mashina intellektining paydo bo‘lishi bilan bog‘liq yangi davr ostonasida turgan bo‘lishi mumkinligini qo‘shimcha qildi.

DeepMind rahbarining so‘zlariga ko‘ra, o‘n yildan so‘ng odamlar ortga nazar tashlab, sunʼiy intellekt inson qobiliyatlaridan ustun kelib, o‘z-o‘zini mustaqil ravishda tezkor rivojlantirishni boshlaydigan faraziy lahza – “singulyarlik”ning boshlanishiga guvoh bo‘lganlarini anglab yetishlari mumkin. Ayni paytda, ushbu atamaning o‘zi va bunday ssenariyning yuz berish muddatlari mutaxassislar o‘rtasida bahsli masala bo‘lib qolmoqda.

OpenAI rahbari Sem Altman avvalroq insoniyat eng zo‘r mutaxassislardan ham o‘zib keta oladigan raqamli superintellektni yaratishga yaqin turganini aytgan edi. Anthropic rahbari Dario Amodeyning taxminicha, agar hukumatlar va texnologiya kompaniyalari zudlik bilan chora ko‘rmasa, qudratli sunʼiy intellekt tizimlari 2027 yilgacha paydo bo‘lib, sivilizatsiya uchun halokatli xavflarni keltirib chiqarishi mumkin.

Zamonaviy mashinaviy o‘rganish (machine learning) asoschilaridan biri Yan Lekunning fikricha, hozirgi yirik til modellarining (LLM) to‘laqonli umumiy intellektni yaratishga olib kelishi amrimahol. Uning fikricha, yaqin 3-5 yilda yirik til modellari o‘rnini yangi sunʼiy intellekt arxitekturasi egallaydi va generativ modellar haqida hamma unutadi.

Hassabis AGI rivojlanishi jamiyatdan ehtimoliy oqibatlarga tayyor turishni talab qilishini alohida taʼkidladi. Uning aytishicha, sunʼiy intellekt dasturlash, maʼlumotlarni tahlil qilish va boshqa intellektual jarayonlarni avtomatlashtirib, mehnat bozorini allaqachon o‘zgartirmoqda. Kelajakda qaror qabul qilish va yangi sharoitlarga moslashish qobiliyatiga ega tizimlar bundan ham murakkabroq vazifalarni o‘z zimmasiga olishi mumkin.

Shu bilan birga, DeepMind rahbari qudratli sunʼiy intellekt davrida ham insoniy fazilatlarga talab yuqori bo‘lib qolishiga ishonadi. Uning qayd etishicha, o‘ziga xos fikrlash, ijodiy yondashuv va turli sohalardagi bilimlarni uyg‘unlashtirish qobiliyatiga ega insonlar yaqin yillarda alohida ustunlikka ega bo‘ladi.

“Men insonning ixtirochilik qobiliyatiga va moslashuvchanligimizga ishonaman”, – deydi Hassabis.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan