Sem Altmanning fikricha, bu tuzilma umumiy standartlarni belgilaydi, imkoniyatlar va xatarlarni ekspert tahlillaridan o‘tkazadi hamda tuzilma faoliyatida ishtirok etib, uning qoidalariga qatʼiy rioya qiladigan mamlakatlar va kompaniyalarga sunʼiy intellektdan foydalanish imkonini beradi.
OpenAI bosh direktori Financial Times nashridagi o‘z kolonkasida shunday yozadi:
“Agar biz oldimizda turgan real xavfsizlik tahdidlarini bartaraf etish uchun chora ko‘rmasak, dunyo sunʼiy intellekt afzalliklaridan to‘laqonli foydalana olmaydi. Xavfsizlik standartlarini belgilash SIning keng tarqalishi uchun zaruriy shartdir.
Men oddiy bir konsepsiyani taklif qilmoqchiman: AQSH boshchiligidagi xalqaro forum tashkil etilsinki, u umumiy qabul qilingan standartlarni belgilasin, imkoniyatlar va xatarlarni ekspertlar yordamida xolisona tahlil qilsin, shuningdek, forum faoliyatida ishtirok etadigan va uning qoidalariga rioya qiladigan mamlakatlar va kompaniyalarga ushbu texnologiyadan foydalanish imkonini bersin.
Ushbu forum tarkibiga hukumat vakillari, mustaqil texnik ekspertlar va boshqa mutaxassislar kirishi mumkin. U, shuningdek, laboratoriyalarni boshqarish mexanizmi bo‘lib xizmat qilishi va ularni xavfsizlikka tahdid soluvchi texnologik poygaga olib kelishi mumkin bo‘lgan tijoriy bosimdan himoyalashi lozim.
Mamlakatlar – shuningdek, ularda istiqomat qiluvchi odamlar va faoliyat yurituvchi kompaniyalar – bu texnologiyadan foydalanishga haqlidir. Butun dunyo esa barchamizning xavfsizligimizni taʼminlash uchun standartlarga to‘liq rioya qilinishiga intilishi kerak. Sunʼiy intellektni suisteʼmol qilgan har qanday shaxs juda katta zarar keltirishi mumkin.
Men shunday bir samarali tuzilmani tasavvur qilyapmanki, unda mamlakatlar xalqaro forum tomonidan kelishilgan qoidalarga rioya qilish sharti bilan aʼzo bo‘ladi, ushbu mamlakatlardagi kompaniyalar esa ilg‘or tizimlardan uzluksiz va ishonchli foydalanishni taʼminlash uchun muntazam sertifikatsiyadan o‘tib turadi.
Bunday xalqaro hamkorlik hokimiyatning bir joyda haddan tashqari to‘planib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik va sunʼiy intellekt afzalliklarini demokratlashtirishni taʼminlashning eng oqilona yo‘li bo‘lib ko‘rinmoqda…
Yer yuzining har bir fuqarosi bu texnologiyadan manfaat ko‘rishi va undan qanday qilib eng yaxshi foydalanishni o‘zi hal qilishi lozim – nafaqat o‘z jamiyati manfaatlariga mos keladigan iqtisodiy natijalar nuqtai nazaridan, balki ushbu texnologiyani yangi va ijodiy usullar bilan bevosita qo‘llash orqali har qachongidan ham ko‘proq shaxsiy erkinlikka erishish va o‘z kelajagini nazorat qilish nuqtai nazaridan ham.
Biroq, agar global xavfsizlik standartlari o‘rnatilmasa, yagona chora sunʼiy intellektdan foydalanishni cheklash bo‘lib qoladi va bu, ehtimol, ayrim mamlakatlar tomonidan ko‘riladigan yakka tartibdagi choralar ko‘rinishida namoyon bo‘ladi.
Bu borada biz tayanishimiz mumkin bo‘lgan tarixiy pretsedentlar mavjud. Bunga aviatsiya xavfsizligi, global moliyaviy standartlar va MAGATE doirasida atom energetikasini tartibga solish bo‘yicha saʼy-harakatlar yorqin misol bo‘la oladi…
Ushbu texnologiyalardan qanday foydalanish haqidagi eng muhim qarorlar San-Fransiskodagi kichik bir guruh kompaniyalar tomonidan emas, balki demokratik jarayonlar doirasida qabul qilinishi kerak”.
Siz qanday fikrdasiz?