Anthropic bayonot berishicha, agar ilg‘or tizimlar jamiyat xavflarni boshqara oladigan darajadan tezroq takomillasha boshlasa, ilg‘or sunʼiy intellekt yaratuvchilari rivojlanish jarayonini sekinlashtirish yoki vaqtincha to‘xtatishning o‘zaro kelishilgan va tekshirilishi mumkin bo‘lgan usulini ishlab chiqishlari lozim.
“O‘zini o‘zi yarata oladigan sunʼiy intellekt texnologiyalar tarixidagi yirik yutuq bo‘ladi, biroq tizimning to‘liq rekursiv o‘z-o‘zini takomillashtirishi insoniyatning SI ustidan nazoratni yo‘qotish xavfini ham oshirishi mumkin”, – deyiladi startap xabarida.
“Agar tizimlar o‘zlarining keyingi avlodlarini to‘liq mustaqil yarata olsa, ularni himoyalash, nazorat qilish va xatti-harakatlarini shakllantirish usullarimiz yana-da muhimroq ahamiyat kasb etadi”.
Misol uchun, Anthropic‘ning maʼlum qilishicha, may oyi holatiga ko‘ra, uning kod bazasiga qo‘shilgan yangi kodlarning 80 foizdan ortig‘i bevosita Claude tomonidan yozilgan.
“Ijtimoiy tuzilmalar va SIni moslashtirish (alignment) bo‘yicha tadqiqotlar texnologiya taraqqiyotiga yetib olishi uchun, dunyoda ilg‘or SI ishlanmalarini sekinlashtirish yoki vaqtincha to‘xtatib turish imkoniyati mavjud bo‘lgani maʼqul”, – deyiladi kompaniya bayonotida.
Biroq, u bir tomonlama yoki yetarlicha muvofiqlashtirilmagan sekinlashuvlar salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirdi. Sababi ehtiyotkorligi pastroq bo‘lgan ishtirokchilar rivojlanishda davom etib, umumiy xavfsizlik darajasini xavf ostiga qo‘yishi mumkin.
Taʼkidlanishicha, samarali to‘xtalish uchun texnologik taraqqiyotning oldingi saflarida faoliyat yuritayotgan “yirik resurslarga ega bir nechta laboratoriyalar” o‘rtasida kelishuv, shuningdek, bunday to‘xtalishni qanday shartlar yuzaga keltirishi yoki bekor qilishi hamda uni kim nazorat qilishi haqidagi aniq qoidalar talab etiladi.
“Bir kompaniyaning bir tomonlama to‘xtalishi osonroq kechadi, ammo uning taʼsiri cheklangan bo‘lib, keng qamrovli global muhokamalarni rag‘batlantirish o‘rniga, asosan, sohadagi yetakchilikning boshqalarga o‘tib ketishiga olib keladi xolos”, – deya qo‘shimcha qildi Anthropic.
Uning tadqiqot bo‘limi – Anthropic Institute – sekinlashuvni taʼminlash uchun zarur bo‘lgan tizimlarni o‘rganish va yaratishga ko‘maklashishni rejalashtirmoqda.
Yaqin oylarda Anthropic asosiy masalalarni muhokama qilish uchun siyosatchilar, tadqiqotchilar, fuqarolik jamiyati vakillari va boshqa SI kompaniyalari ishtirokida uchrashuvlar tashkil etishni maqsad qilgan.
Bu masalalar qatoriga rekursiv o‘z-o‘zini takomillashtirish kabi SI bilan bog‘liq xavflarni qanday boshqarish va muvofiqlashtirish mexanizmlarini yaxshilash kabilar kiradi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oy Anthropic kompaniyani 965 milliard dollarga baholagan moliyalashtirish bosqichini yakunladi va dushanba kuni AQSHda birlamchi ommaviy taklif (IPO) uchun maxfiy tarzda ariza topshirdi.